Qonuniy mehnat migratsiyasi – xavfsizlik kafolati

   Ma’lumotlarga ko‘ra 2,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik mehnat migranti sifatida xorijda istiqomat qiladi. Ularning aksariyati noqonuniy yo‘l bilan ketganligi sababli, faoliyati davomida turli muammolarga duch kelishadi va yechimida qiynalishida. Shu boisdan bugun fuqarolarni chet elda qonuniy ish bilan ta’minlash, ishlash va yashashi uchun munosib shart-sharoit yaratishga e’tibor qaratilmoqda. 
   Xususan, “Xorijga ish - mahalladan” tamoyilini yo‘lga qo‘yish, xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni aniqlab, “Onlayn mahalla” platformasiga kiritilishi hamda migratsiyadan qaytgan fuqarolarni bandligini ta’minlash bo‘yicha respublika ishchi guruhi Toyloq tumanida bo‘lishdi. 
   Ishchi guruh a’zolari dastavval, tuman hokimligida mutasaddilar bilan uchrashib, savolnoma asosida umumiy ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.

  Shundan so'ng ishchi guruh a'zolari Toyloq tumanidagi Madaniyat hamda Sochak mahallalarida bo‘lib, mahalla yettiligi bilan suhbatlashishdi.
   Migratsiyadan qaytgan yoshlar va fuqarolarning bandligini ta’minlash, ular bilan yakka tartibda ishlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganishdi. Shuningdek, migratsiyadan qaytgan va ketmoqchi bo‘lgan yoshlar va fuqarolar bilan uchrashib, suhbatlashishdi. Ularga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali qonuniy ishga joylashish bo‘yicha ma’lumot va takliflarini berishdi. Qolaversa, Prezidentning 2024 yil 4-apreldagi «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining mazmunini tushuntirishdi.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди