Advokatura institutini kuchaytirish, ushbu soha faoliyatini raqamlashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida

   Bu haqda bugun Toyloq tuman hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi. Unda ishtirok etgan Toyloq tuman Adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi boshlig'i Elbek Davronov amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.   

     So‘nggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarga zamonaviy axborot-texnologiyalarini joriy qilish orqali ularni raqamlashtirish, buning natijasida aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada kuchaytirish va bir qator sohalar vakillari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. 
Ammo, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda belgilangan vazifalar amalga oshirilishining tizimliligi va izchilligini ta’minlash, buning doirasida advokatura faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatishni yangi bosqichga olib chiqish zarurati mavjud.
Advokatura faoliyatida ortiqcha sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, uning faoliyatida sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari bilan elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida, shuningdek, 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022-yil 30-maydagi “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-263-sonli Qarori qabul qilingan.
Mazkur qaror bilan quyidagi advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishning ustuvor vazifalari etib belgilangan
1.  zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va inson omilini bartaraf etish orqali advokatura institutining davlat organlari va boshqa tuzilmalardan mustaqilligini oshirish;
2.  advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash maqsadida advokatura, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron ma’lumot almashinuvini samarali yo‘lga qo‘yish;
3.  advokatlar tomonidan maxsus axborot dasturi orqali jismoniy va yuridik shaxslarga onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish;
4. advokatura faoliyati uchun zarur axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlarni shakllantirish hamda ularda saqlanadigan ma’lumotlarning kompleks himoya qilinishi va maxfiyligini ta’minlash choralarini ko‘rish.
Bundan tashqari, 2023 yil 1 yanvardan boshlab:
a) advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun lisenziya berish, talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishining amaldagi tartibi saqlangan holda, «Lisenziya» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi va rasmiylashtirib boriladi.
Bunda:
talabgorning malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirganligi haqidagi qaror va tegishli hujjatlar «Lisenziya» axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi va advokatlarning elektron reyestriga kiritiladi;
malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga advokatlik lisenziyasini olish uchun tegishli adliya organiga murojaat qilmasdan istalgan vaqtda «Lisenziya» axborot tizimi orqali olish imkoniyati yaratiladi;
lisenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan holatlar «Lisenziya» axborot tizimida avtomatik ravishda qayd etib boriladi;
b) advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali «yagona darcha» tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bunda:
advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (hisobga olish), qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish (hisobdan chiqarish) uchun zarur hujjatlar elektron tarzda O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiritiladi;
advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlarini adliya organining muhri bilan tasdiqlash, «ro‘yxatdan o‘tkazilgan» belgisini qo‘yish amaliyoti bekor qilinib, ularga elektron QR-kod va identifikatsiya raqamlarini berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik tuzilmasi nomini ro‘yxatdan o‘tkazishda bir xil yoki o‘xshash nomlarning yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumot onlayn tarzda olinadi;

v) advokatlik faoliyatini boshlashda malaka imtihonini topshirish, advokatlik faoliyati uchun lisenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha kompozit xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Bunda:
malaka imtihonini topshirish uchun tegishli hujjatlarning qog‘oz shaklini talabgordan olish tartibi bekor qilinadi va ularni elektron tarzda yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgorning belgilangan talablarga mosligini tekshirgan holda imtihon vaqti va joyi haqida elektron xabar berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik guvohnomasini maxsus QR-kod qo‘yilgan holda berish tartibi joriy etilib, bu orqali advokatning maqomi haqida ma’lumot olish imkoniyati yaratiladi.
Yuqoridagilardan tashqari, mazkur Qaror bilan Adliya vazirligining 2023 yil 1 yanvardan fuqarolarga yuridik yordam ko‘rsatish jarayonlarini raqamlashtirish, advokatura sohasini sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa davlat organlari faoliyati bilan integratsiya qilishni nazarda tutuvchi «Yuridik yordam» axborot tizimini ishga tushirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilib, qo‘yidagilar belgilangan
Xususan, «Yuridik yordam» axborot tizimi doirasida:
advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi;
advokatning shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan masofadan turib yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida onlayn bitimlar (shartnomalar) tuzish va onlayn yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi;
advokatura, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi (bundan qonun bilan muhofaza qilinadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar mustasno);
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov harakatlari yoki sud majlisi o‘tkazilish vaqti va joyi to‘g‘risida advokatga elektron xabar berish imkoniyati yaratiladi;
advokat so‘rovini elektron yuborish va advokat so‘rovi asosida yuridik yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
advokatning o‘z arizasiga ko‘ra advokatlik maqomini to‘xtatib turish elektron tarzda advokat tomonidan xabarnoma berish shaklida amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2023 yil 1 fevraldan boshlab:
a) advokatlik tuzilmalari tomonidan advokatlarga muayyan ishni olib borish uchun beriladigan an’anaviy shakldagi order (keyingi o‘rinlarda — order) maqomiga teng bo‘lgan maxsus QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi»ni berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi; Bunda: advokatlik tuzilmasi tomonidan ishonch bildiruvchi shaxs bilan tuzilgan barcha shartnomalarning faqat rekvizitlari (shartnoma raqami va uning tuzilgan sanasi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Yuridik yordam» axborot tizimiga kiritiladi va bu QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi»ni olish uchun asos bo‘ladi;
advokat so‘rovi yuborilgan davlat organi yoki tashkilot, tegishli ishni ko‘rib chiqayotgan sud yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan advokatning muayyan ishga vakolatliligini aniqlash muqobil ravishda QR-kod qo‘yilgan «Elektron advokatlik orderi» orqali ham amalga oshirilishi imkoniyati yaratiladi;
b) order muqobillik asosida qog‘oz shaklda rasmiylashtirilganida, ushbu order haqidagi ma’lumotni «Yuridik yordam» axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi;
v) advokat so‘rovi shakliga qo‘yilgan talablar, shu jumladan unga orderning ko‘chirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish talablari bekor qilinadi.
 «Yuridik yordam» axborot tizimi joriy etilishi munosabati bilan:
davlat hisobidan advokatlarni ishga jalb etish inson omilisiz, elektron tartibda tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi;
advokatlarning onlayn malaka oshirishini tashkil etish va malaka oshirganligini tasdiqlov
chi hujjatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi;
advokatlik tuzilmalaridan statistik ma’lumotlarni an’anaviy shaklda yig‘ish bekor qilinib, statistik ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtiriladi.

 

Toyloq tuman hokimligi Axborot xizmati

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди