Bioxilma-xillikning yo‘qolib borishi ekologik muvozanatning buzilishiga sabab bo‘lmoqda

Ochiq muloqot

   Yer yuzidagi biologik xilma-xillik tirik mavjudotning yashashi uchun eng muhim omillardan hisoblanadi. Biroq tabiat ne’matlaridan nooqilona foydalanish, uni muhofaza qilmaslik oqibatida biologik xilma-xillik kundan-kunga yomonlashib bormoqda. Bu esa insoniyat uchun jiddiy xavf sanaladi. Negaki, bioxilma-xillikni yo‘qolib borish sur’atining o‘sib borishi o‘z navbatida ekologik muvozanatning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois  mamlakatimizda bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 11 iyundagi qarori bilan 2019−2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasining tasdiqlanishi fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.
   Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 2-noyabr kuni o‘kazilgan yig‘ilishda “Yashil makon” umummilliy loyihacsi doirasida amalga oshirilishi belgilangan tadbirlar ham biologik xilma-xillikni ta’minlashga xizmat qiladi.
   Toyloq tuman hokimligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda shu haqida so‘z yuritildi. Unda ishtirok etgan tuman hokimi Bahodir Bobonazarov tumanda biologik xilma-xillikni yaxshilash, atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish, hududlarda yashil makonlarni ko‘paytirish, hayvonot va nabodot olamini asrash borasida amalga oshirayotgan ishlar sifati haqida so‘z yuritdi. 

 

    “Yashil makon” loyihasi doirasida tuman hududidagi 6,1 km uzunlikdagi davlat ahamiyatiga molik  magistral hamda 37,0 km viloyat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida, barcha xonadonlar, ko‘chalar, qishloqlar hududlarida jami 300 ming tup  manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi hamda magistral yo‘l bo‘yidagi 6,1 km masofada ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish uchun 15 ta sug‘orish quduqlari qazildi. 
   Tumanimizda 100 yoshdan oshgan daraxtlarni asrash va ularga davlat tabiat yodgorligi maqomini berish bo‘yicha ham ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilmoqda. Tumanimizda 100 yoshdan oshgan daraxtlar soni jami 45 tani tashkil etadi. Shundan Navbahor mahalla fuqarolar yig‘ini Ispandi qishlog‘idagi  “Ad-Daromiy”  ziyoratgohi hududida o‘sib turgan 29 ta tut, qolaversa, tumanimizning turli hududlarida o‘sib turgan 16 ta chinor daraxtlari  “Davlat tabiat yodgorligi” deb belgilangan.
   “Davlat tabiat yodgorligi” maqomi berilgan daraxtlar atrofini muhofaza qilish, saqlash, amaldagi tartibda o‘simlik turi, nomi, manzili, ro‘yxatga olingan sanasi haqidagi ma’lumotlar shakllantirilgan hamda hududini doimiy obodonlashtirish va asrash vazifasi mahalla fuqarolar yig‘inlariga yuklatilgan. 
   -Qishloqlarda nuroniy otaxonlar maslahatiga amal qilinib, hudud iqlimiga mos keladigan, zaxlikni yo‘qotadigan tut, katalpa, yasen, terak va boshqa daraxtlar ekilishi belgilab olindi. Bu bilan hudud havosining yaxshilanishi, yo‘l yoqalaridagi zax suvlarining qochishi va yo‘llarning asfalt qoplamalarining tez-tez buzilishining oldi olinishiga erishiladi. Shuningdek, yangidan ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha mas’ullar biriktirildi, -deydi tuman hokimi Bahodir Bobonazarov.
   “Yashil makon” umummilliy loyihasini samarali davom ettirilishi hisobiga tumanning havo tozaligini yanada yaxshilashga erishiladi. 
Ochiq muloqot davomida masalaga aloqador korxona va tashkilotlar mas’ullari, ekologik partiya a’zolari, jamoatchilik vakillari tumanda biologik xilma-xillikni ko‘paytirish, ekologik muhitni  yaxshilash borasidagi taklif va fikrlarini bildirishdi.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди