Elektr ta’minoti: muammolar hal etilmoqda

    Odatda energetika tizimi butun sayyoramiz hayotining qon-tomirlariga qiyoslanadi. Chunki, elektr energiyasiz nainki jamiyatning biror tarmog‘i, balki kundalik maishiy hayotimizni ham tasavvur etolmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizdagi yechimini kutayotgan muammolardan biri ham bu elektr ta’minotidir.

     Aholining turli yuqori tashkilotlarga yo‘llayotgan murojaatlarining katta qismini elektr ta’minotidagi uzilishdlar tashkil etadi.  Bu holat, ayniqsa, kuz-qish mavsumida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, o‘tgan qish mavsumidagi anomal sovuq  va qorli kunlar elektr energiyasi hamda tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq masalalarni kun tartibiga olib chiqdi. Havo harorati keskin tushib ketishi natijasida aholi turli isitish moslamalaridan foydalandi. Bu esa elektr energiyasi iste’molining keskin ortishiga va eskirgan elektr tarmoqlarining zo‘riqishiga olib keldi. Natijada qator hududlardagi elektr tarmoqlarida nosozlik kuzatildi. Bu holat xalqning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi va oldimizda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘pligini ko‘rsatib berdi.

    Shu boisdan, Toyloq tumanida kelayotgan kuz-qish mavsumiga energetika ob’yektlarini sifatli tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Elektr energiyani aholiga betalafot yetkazish maqsadida tumandagi mahallalarga 12 ta yangi transformatorlar o‘rnatilib,  735 ta beton ustunlar qo‘yildi. 4,971 km 10-06kV hamda17,7 km 0,4kV havo tarmog‘i tortildi.

   Bundan tashqari, Toyloq  tumani  bo‘yicha  jami 128 km havo tarmog‘i va 64 dona transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, shundan bugungi kungacha 71.5 km havo tarmog‘i va 52 dona transformator punkti mukammal ta’mirlandi.

   Energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib borayotgan bir paytda salohiyatli davlatlar uning muqobil yo‘llarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgan.

O‘zbekistonda ham bu borada faol ish olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi "2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi va bu borada joylarda manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

   Xususan, Toyloq tumanida bugungi kunda 232 ta ob’yektda kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 259 ta (111,6%) ob’yektda quvvati 765,0 kVtli quyosh panellari, 5,5 ming litr (131%) gelio-kollektor qurilmalari o‘rnatildi.

   Shundan, 35 ta ijtimoiy soha va davlat idoralariga 350,0 kVtli quyosh panellari hamda 4,2 ming litr gyelio-kollektorlar, 188 ta aholi xonadonlariga 245 kVtli quyosh panellari 1,3 ming litr gelio-kollektorlar, 33 ta tadbirkorlik sub’yektlarining bino va inshootlariga170,0 kVt quyosh panellari o‘rnatilgan. Qolaversa, 1 ta ob’yektda quvvati 5000 kVtli yirik FES –quyosh panellarini o‘rnatish rejalashtirilgan.

   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi “Elektr energiyasini hisobga olish va avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan ushbu ishlar amalga oshirilmoqda.

   Bugungi kunda Toyloq tumanida 1432 ta yuridik va 38773 ta jismoniy shaxslar xonadonlariga ASKUE tizimiga mos keluvchi hisoblagichlar o‘rnatilgan. Ularning barchasi billing tizimiga ulanib, iste’molchilar bilan hisob-kitoblar avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda. Hisoblagichlar bo‘yicha ma’lumot olish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.

   Aytish kerakki, ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad iste’molchi va ta’minotchi o‘rtasidagi shaffoflikni ta’minlash, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, shu bilan birga, iste’molchilarning foydalangan elektr energiyasi uchun to‘lov intizomini mustahkamlash, elektr energiyasini taqsimlashda har bir iste’molchi va transformator punkti kesimida kerakli ma’lumotlarni olish va tahlil qilib borish, shu bilan birga, ushbu olingan ma’lumotlar asosida modernizatsiya ishlarini amalga oshirish hisoblanadi.

   Bundan tashqari, ushbu tizim orqali iste’molchilarning hisoblagichlariga tashqaridan aralashuvlar, noqonuniy foydalanish holatlarining oldi olinadi.

   Bu boradagi ishlar albatta, o‘zining ijobi samarasini beradi va joylarda elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

 

Akbar Siddiqov,

Toyloq tuman elektr tarmoqlar korxonasi boshlig‘i.

 

 

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди