Mahalla binosi foydalanishga topshirildi

 

 Istiqlolimizning 30 yillik bayrami shukuhi davom etayotgan pallada Toyloq tumanidagi Ukrach mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Davlat sherikchiligi asosida tadbirkor Bahriddin Ro‘ziboyev  tomonidan zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan mazkur bino Ukrach mahallasida istiqomat qiluvchi 1100 ta oilaga ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘ini yonida choyxona, stomatologiya hamda savdo shaxobchalari ham o‘rin olgan.

   Binoning ochilish marosimida tuman hokimi Bahodir Bobonazarov 4-sektor rahbari Sh. Sharipov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqan tuman rahbari mustaqillik yillarida yurtimizda huquqiy demokratik davlat hamda fuqarolik jamiyatini barpo qilish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida mahalla institutini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgani, bu tizimni yanada rivojlantirish, uni eng xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

   Shundan so‘ng mahalla oqsoqollari qizil lentani kesib, binoni ochib berishdi va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.

Mahalla binosida xodimlarning faoliyat yuritishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ma’naviyat xonasi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi xonasi, mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, mahalla raisining huquq tartibot ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tomorqa va tadbirkorlik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun alohida xonalar ajratilgan bo‘lib, kerakli jihozlar bilan ta’minlangan.

Nigina Rahmatova,

tuman hokimining matbuot kotibi.

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди