Bir murojaat izidan: Aka-uka o‘rtasidagi muammo oqsoqollar ishtirokida muhokama etildi

   

  Xalqning fikr va  muammolarini eshitish va unga ijobiy yechim topish davlat xizmatchilarining asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Shu boisdan Toyloq tuman hokimi B. Bobonazarov fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyatini joyiga chiqib o‘rganish va unga qonuniy yechim topishga e’tibor qaratmoqda.

    Ana shunday murojaatlardan biri tumanimizning Nuroniy mahalla fuqarolar yig‘inidagi Butaboy qishlog‘idan kelib tushgan. Unda fuqaro Javlon Farmonov uy-joyga muhtoj ekanligini, ayni damda oilasi bilan ijarada yashayotganligi, akasi Jasur Hazratqulov yashayotgan ona uyida o‘zining ham haqqi borligini va o‘sha ulushni qonuniy undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.

    Ushbu murojaat asosida tuman hokimi B. Bobonazarov hamda sektorlar rahbarlari Jasur Hazratqulov yashayotgan xonadonga borib, mahalla mo‘ysafidlari ishtirokida masalani muhokama etishdi.

    Har ikala tarafga ota-onadan me’ros qolgan uy-joy va mol-mulk qay tartibda taqsimlanishi tushuntirildi. Ko‘pni ko‘rgan mahalla oqsoqollari aka-ukalarni murosaga keltirish uchun ota-bobolarimizdan qolgan qadriyatlar, urf-odatlar, qarindosh-urug‘chilik rishtalari, mehr-oqibat haqida nasihat qilishdi.

     Masala o‘zaro kelishuv asosida hal bo‘lmasa, yer va mol-mulk sud tartibida farzandlarga teng taqsimlanishi tushuntirildi va aka-ukalarga murosaga kelishlari uchun muddat berildi.

    Shuningdek, sektorlar rahbarlari muhokamada ishtirok etayotgan fuqarolarning uy-joyga egalik huquqini olish, me’ros ishi ochish, uy-joy oldi-sotdisi bilan bog‘liq savollariga huquqiy javob berishdi.

Tuman hokimligi axborot xizmati.

 

 

2015-2018 © Тойлоқ туман хокимлиги. Сайт САКТРМ томонидан ишлаб чиқилди